Samsung Galaxy Buds4 va Buds4 Pro rasman taqdim etildi — foto, narx

26-fevral 2026 08:30 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Samsung Galaxy Buds4 va Buds4 Pro rasman taqdim etildi — foto, narx / Foto: GSMArena

Samsung yangi Galaxy S26 flagmanlari bilan bir qatorda Galaxy Buds4 va Galaxy Buds4 Pro quloqchinlarining yangi avlodini ham taqdim etdi. Bu haqda GSMArena ma’lum qildi.

Kompaniya foydalanuvchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ularning 58 foizi quloqchinlardan har kuni foydalanishini aniqladi va eng muhim omil sifatida ovoz sifati ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, ko‘pchilik bitta quloqchinni barcha holatlarda ishlatgani sababli, u qulay va olib yurishga oson bo‘lishi ham talab etilgan.

Aynan shu ustuvorliklar yangi Galaxy Buds4 va Buds4 Pro dizayniga asos bo‘ldi. Tashqi ko‘rinishdan boshlasak, Samsung g‘ilofni qayta ishlab, quloqchinlar ichida yassi holatda joylashadigan qildi — bu ularni olish va joylashni yanada qulaylashtiradi. Yuqori qismi hanuz shaffof bo‘lib, yangilangan dizaynni ko‘rish imkonini beradi.

Foto: Samsung

Yangi «blade» dizayn va yaxshilangan audio

Uchburchak shakldagi oldingi «blade» (oyoqcha)lar o‘rnini cho‘tkalangan metallardan yasalgan yassi variantlar egalladi. Sensorli boshqaruv joyi maxsus o‘yma bilan belgilangan bo‘lib, uni teginish orqali oson topish mumkin. Ushbu «blade»lar chimchilash (pinch) va surish (swipe) ishoralarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ovoz sifati asosiy ustuvorlik bo‘lgani uchun Galaxy Buds4 Pro kengroq vufer va tviterga ega yaxshilangan ikki yo‘nalishli dinamik tizim bilan jihozlandi. Yangi dinamiklar Buds3 Pro’dagilariga qaraganda qariyb 20 foizga kattaroq. Musiqa tinglashda quloqchinlar 24-bit / 96 kHz Hi-Fi ovozni ijro eta oladi.

Galaxy Buds4 esa ochiq dizaynni tanlagan — bu uzoq vaqt taqishda qulaylik beradi, biroq bunday dizaynda faol shovqin bostirish (ANC) odatda biroz sustroq bo‘ladi.

Foto: Samsung

Aqlli shovqin bostirish va qo‘ng‘iroqlar

Har ikkala model Enhanced Adaptive ANC funksiyasiga ega: u ayrim tovushlarni pasaytiradi yoki kuchaytiradi (masalan, dvigatel shovqini kamaytiriladi, sirena tovushlari esa kuchaytiriladi). Shuningdek, Super Clear Call texnologiyasi 16 kHz sifatli ovozni ta’minlab, kuchli shovqin kamaytirish orqali suhbatni tiniq qiladi.

Foto: Samsung

Ranglar va moslik

Galaxy Buds4 qora va oq ranglarda taklif etiladi. Buds4 Pro’da esa eksklyuziv sifatida Pink Gold rangi ham mavjud.

Quloqchinlar istalgan smartfon bilan ishlaydi, biroq Galaxy foydalanuvchilari yanada qulay tajriba va qo‘shimcha funksiyalarga ega bo‘ladilar. Buds4 quloqchinlari ilova o‘rnatmasdan ham Galaxy telefoniga ulanadi. Telefonning tezkor sozlamalar paneli (Quick Panel) orqali ovoz balandligini, shovqinni bostirishni (ANC), atrofdagi tovushlarni eshitish darajasini va boshqa sozlamalarni darhol boshqarish mumkin.

Foto: Samsung

Qo‘lsiz boshqaruv va tarjima

Quloqchinlar qo‘lsiz boshqaruvni ham qo‘llab-quvvatlaydi: qo‘ng‘iroqqa javob berish uchun boshni qimirlatish, rad etish uchun esa chayqash kifoya. Shuningdek, quloqchin orqali Bixby ovozli yordamchisi orqali uydagi aqlli qurilmalarni boshqarish mumkin. Interpreter funksiyasi esa bir nechta tillar o‘rtasida real vaqt rejimida tarjimani amalga oshiradi.

Foto: Samsung

Narx va sotuvga chiqish

Samsung Galaxy Buds4 va Buds4 Pro bugundan oldindan buyurtma uchun ochildi va 11-martdan (Galaxy S26 seriyasi bilan bir vaqtda) sotuvga chiqadi. Asosiy model narxi $180, Pro versiyasi esa $250 ni tashkil qiladi. Bu 2024-yildagi Buds3 va Buds3 Pro narxlari bilan bir xil.

Foto: Samsung

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 flagmanlari taqdim etilgan edi.

Shuningdek