Yangiliklar

Surxondaryoda 7,1 mlrd dollarlik 44 ta loyiha ishga tushirildi

O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trln so‘mga yetgan
Surxondaryoda 7,1 mlrd dollarlik 44 ta loyiha ishga tushirildi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryoda $7,1 mlrdlik 44 ta loyiha ishga tushirdi. Bu haqda preizdent matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot hajmi 63,7 trln so‘mga yetdi. Yirik sanoat korxonalari soni qariyb 30 taga, kichik korxonalar esa 4,8 mingtaga yetkazildi. Ular tomonidan 18,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Viloyatga $2,1 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, 37 davlatga $483 mlnlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Taqdim etilgan loyihalar uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati, geologiya, yengil sanoat, oziq-ovqat, energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, ta’lim, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarini qamrab oladi. Umumiy qiymati $1,6 mlrdga yaqin bo‘lgan loyihalar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston va Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston hamda mahalliy investorlar ishtirokida $741 mlnlik 13 ta loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Xitoy, Hindiston, BAA, Rossiya va Afg‘oniston bilan hamkorlikda $6,3 mlrdlik 31 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.

Mazkur loyihalar natijasida 18 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. 82 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi va $1,4 mlrdlik eksport imkoniyati shakllanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Jarqo‘rg‘ondagi «Yangi O‘zbekiston» massiviga tashrif buyurgani haqida yozgan edi.