Yangiliklar

Xorazmda qalbaki alkogol ishlab chiqargan yashirin sex fosh etildi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Xorazmda qalbaki alkogol ishlab chiqargan yashirin sex fosh etildi
Foto: Departament

Xorazm viloyatida qalbaki alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgan yashirin sex va uni sotayotgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament ma’lum qildi.

Tezkor tadbir departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda Xiva shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazildi. Unda fuqaro Urganch tumani «Anjirchi» MFY hududidagi xonadonda yashirin sex tashkil etgani aniqlangan.

Tekshiruv davomida xonadondan ishlab chiqarish uskunasi, aksiz markalar, 190 litr spirt, 1,5 ming dona shisha qopqoqlari va boshqa tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xorazmda qalbaki alkogol ishlab chiqargan yashirin sex fosh etildi
Foto: Departament

Keyingi tezkor tadbirlarda ushbu sexda tayyorlangan qalbaki alkogol mahsulotlarini sotayotgan shaxslar ham fosh etildi. Urganch shahri, Bog‘ot, Urganch, Hazorasp, Gurlan, Shovot, Yangibozor va Xonqa tumanlarida noqonuniy savdo yo‘lga qo‘yilgani aniqlangan.

Ushbu hududlarda o‘tkazilgan tadbirlarda umumiy qiymati 102,7 mln so‘mlik 34 turdagi 4,8 ming dona qalbaki alkogol mahsulotlari musodara qilindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi hamda 186-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toshkentda 48,6 ming dollarni noqonuniy sotayotgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.