
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida «Yerostigaz» AJ tomonidan asossiz olingan qariyb 3 mlrd so‘m mablag‘ni yakuniy iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish belgilandi.
Qo‘mita Angren shahrida faoliyat yurituvchi «Angren issiqlik elektr stansiyasi» AJ murojaatini ko‘rib chiqdi. O‘rganishlar davomida «Yerostigaz» AJ 2024-yil fevral oyida yetkazib berilgan gaz uchun 136 ming so‘m tarif o‘rniga belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmasdan 266 ming so‘m tarifni qo‘llagani aniqlandi. Fevral oyida 2 mlrd so‘mga yaqin, mart oyida esa qariyb 1 mlrd so‘m, jami 3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ asossiz olingan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari buzilgani alomatlari bilan ish qo‘zg‘atildi. Natijada moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va asossiz hisoblangan qariyb 3 mlrd so‘m mablag‘ni yakuniy iste’molchiga qayta hisoblash bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.
Mazkur ish hozirda sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 16,4 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida yozgan edi.