1-martdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

Kursiv Uzbekistan 1-martdan O‘zbekistonda yuz beradigan o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumotlarni bir joyga jamladi.
Ushbu maqolada siz quyidagilar bilan tanishishingiz mumkin:
- Bojxona nazorati jarayonlari «Xavflarni boshqarish» axborot tizimi orqali yanada soddalashtiriladi
- Futbol o‘yinlariga chiptalar QR va identifikatsiya orqali sotiladi
- Huquqiy axborot yetkazishning yangi tartibi joriy etiladi
- O‘zbekistonda notariat tizimida yangi tartib va qulayliklar joriy etiladi
- Huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar SGM platformasiga raqamli kiritiladi
- Yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdosi avtomatik tarzda cheklanadi
- O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
- 1-martdan yuridik shaxs jarimaga tortilsa, mansabdor shaxs javobgarligi bekor qilinadi
- Turizm jamg‘armasi yangi yo‘nalishlarni moliyalashtiradi
- Vafot etgan shaxsning yaqinlari QR-kodli ma’lumotnomani bepul oladi
- Tadbirkorlar uchun Biznes hamroh tizimi joriy etiladi
- Malayziya va Indoneziyadan kelgan har bir sayyoh uchun 100 dollar subsidiya ajratilishi mumkin
- Elektromobilda taksi qilganlarga soliq va avtoturargoh imtiyozlari beriladi
Bojxona nazorati jarayonlari «Xavflarni boshqarish» axborot tizimi orqali yanada soddalashtiriladi

2026-yil 1-martdan bojxona nazorati jarayonlari «Xavflarni boshqarish» axborot tizimi orqali yanada soddalashtiriladi. Shuningdek, bojxona omborida saqlash muddati tugagan va 90 kun ichida talab qilib olinmagan tovarlar sud qaroriga ko‘ra davlat egaligiga o‘tkazilib, qonun doirasida tasarruf etiladi.
Futbol o‘yinlariga chiptalar QR va identifikatsiya orqali sotiladi

1-martdan futbol o‘yinlariga chipta xaridi shaxsni identifikatsiya qilish va QR-kod texnologiyalaridan foydalangan holda maxsus onlayn tizim orqali yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga asosan Milliy futbol markazida quyidagi bo‘linmalar tashkil etiladi:
- iqtidorli futbolchilarni erta aniqlash uchun Raqamli futbol situatsion markazi;
- futbol uchrashuvlarini video yordamchi hakam (VAR) tizimi orqali kuzatish uchun «VAR» markazi;
- axborot tizimidagi ma’lumotlarni saqlash uchun «data futbol» markazi.
Huquqiy axborot yetkazishning yangi tartibi joriy etiladi

1-martdan boshlab normativ-hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish va tushuntirish jarayonlari «Ijro.gov.uz» hamda «Raqamli mahalla» tizimlari orqali nazorat qilinadi.
Endilikda huquqiy targ‘ibot ishlari soha bo‘yicha mas’ul davlat organlari zimmasiga yuklatiladi, Adliya vazirligi esa ularning faoliyatini yagona elektron kartoteka orqali nazorat qiladi. Shu bilan birga, internet va ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy axborotni keng yoyish maqsadida «Adliya TV» sahifasi ishga tushiriladi.
O‘zbekistonda notariat tizimida yangi tartib va qulayliklar joriy etiladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan ayrim nizosiz talablar bo‘yicha notariuslar ijro xati yozishi mumkin bo‘ladi. Bu tartib notarial bitimlarga asoslangan talablar, qarzni undiruvga qaratish va ijara hamda kommunal to‘lovlar yuzasidan qarzdorliklarga taalluqlidir.
Huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlar SGM platformasiga raqamli kiritiladi

1-martdan vakolatli organlar aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’lumotlarni SGM platformasiga raqamli shaklda kiritib boradi. Ma’lumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani yoki ish prokuratura va sud organlarida ko‘rib chiqilayotgani haqidagi belgilarni ham o‘z ichiga oladi.
Yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdosi avtomatik tarzda cheklanadi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-martdan boshlab yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarning savdosi avtomatik tarzda cheklanadi. Bu haqda «Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ–296-son, 6-oktabr 2025-yil) prezident qarorida qayd etildi.
Shuningdek, muddatidan o‘tgan raqamli markirovka mahsulotlariga nazorat-kassa apparatlari orqali xarid cheki chiqarilmaydi.
O‘zbekistonda sun’iy intellekt yordamida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida kuchli zilzilalarni o‘rta va uzoq muddatga prognoz qilish amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
1-martdan boshlab esa bino va inshootlarning zilzilabardoshligi sun’iy intellekt yordamida baholanadi.
1-martdan yuridik shaxs jarimaga tortilsa, mansabdor shaxs javobgarligi bekor qilinadi

1-martdan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish tartibi bekor qilinadi.
Turizm jamg‘armasi yangi yo‘nalishlarni moliyalashtiradi

2026-yil 1-martdan boshlab Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bir qator yo‘nalishlarni moliyalashtira boshlaydi. Har yili eng yaxshi 10 turizm startapiga yangi xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha xarajatlarning 50% gacha subsidiya ajratiladi. Biroq loyiha uchun maksimal summa 1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Mehmonxonalar ham xalqaro «yashil» sertifikatlarni olish xarajatlarining yarmiga kompensatsiya oladi.
Vafot etgan shaxsning yaqinlari QR-kodli ma’lumotnomani bepul oladi

1-martdan vafot etgan shaxsning ota-onasi, eri yoki xotini va farzandlari shaxsiy kabinetlari orqali QR-kodli ma’lumotnoma bepul olishlari mumkin. Bu ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi.
Tadbirkorlar uchun Biznes hamroh tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga kompleks xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Biznes hamroh loyihasi ishga tushiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur tizim orqali tadbirkorlarga davlat, konsalting, moliya, muhandislik, marketing va IT kabi yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatiladi. Asosiy maqsad tadbirkorlarning muammolarini joyida hal qilish va ularning faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik uchun sifat jihatdan yangi maydoncha yaratishdir.
Biznes hamroh markazlari Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladi. Dastlabki bosqichda bunday markazlar Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida bittadan tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Malayziya va Indoneziyadan kelgan har bir sayyoh uchun 100 dollar subsidiya ajratilishi mumkin

Malayziya va Indoneziyadan kelgan har bir sayyoh uchun $100 subsidiya ajratilishi mumkin. Loyiha Turizm qo‘mitasi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, subsidiya mablag‘lari Turizm qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. To‘lovlar 2026-yil 1-martdan 31-dekabrgacha bo‘lgan davr uchun amal qiladi.
Subsidiya olish uchun turoperator kamida 3 kecha yashashni tasdiqlovchi ma’lumotlarni «E-mehmon» tizimi orqali ko‘rsatishi shart. Shuningdek, soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik bo‘lmasligi kerak.
Arizalar 2026-yil 1-dekabrgacha qabul qilinadi. Qo‘mita hujjatlarni 15 ish kuni davomida ko‘rib chiqadi. Qaror qabul qilingach, mablag‘lar 5 ish kuni ichida tijorat bankidagi hisob raqamga o‘tkaziladi.
Elektromobilda taksi qilganlarga soliq va avtoturargoh imtiyozlari beriladi

O‘zbekistonda «yashil transport»ni rivojlantirish va elektromobil egalari uchun qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etilmoqda. 2026-yilgi davlat dasturiga muvofiq, elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatuvchilarga bir qator imtiyozlar beriladi.
Xususan, 1-martdan boshlab elektromobilda taksi qilayotgan haydovchilarga ijtimoiy soliqdan 10 foizgacha chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, ular davlat tashkilotlari avtoturargohlarida, jumladan, aeroport va vokzallarda 30 daqiqagacha bepul turish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, qoidabuzarlik va yo‘l-transport hodisasisiz 1 mln kilometr xizmat ko‘rsatgan haydovchilarga «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni beriladi.
Rejaga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar 300 ming nafar elektromobil taksichi faoliyat yuritishi kutilmoqda. Natijada atmosfera ifloslanishi 7 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri 1-fevraldan O‘zbekiston bo‘ylab qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqida yozgandi.