
Termiz xalqaro savdo markazida qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda qayd etildi.
Tadbirkorlar va investorlar markaz hududida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish tashabbusi bilan chiqqan. Shu bois savdo markazi maydonini 1 ming gektarga yetkazish belgilandi.
Mutasaddilarga joriy yilda eksportni $600 mlnga, kelasi yilda esa $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Yangi loyihalar hisobiga savdo hajmi va tashrif buyuruvchilar soni bir necha baravar oshishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan hududda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida maxsus prokuratura va ichki ishlar bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Endilikda markaz hududida realizatsiya qilinadigan tovar va xizmatlar eksport sifatida baholanadi. Ularga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i «0» stavkada qo‘llanadi.
Shuningdek, ushbu xalqaro savdo markaziga o‘tgan yili markazga 800 mingdan ortiq Afg‘oniston fuqarosi tashrif buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Surxondaryoda $5 mlrdlik 8 mingdan ortiq loyiha ishga tushirilgani haqida yozgan edi.