Yangiliklar

Adliya vazirligi Kia K9 avtomobilini egasiga qaytardi

Avtomobil nufuzli xorijiy mehmonlar va xalqaro tadbirlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida vaqtincha taklif qilingan
Adliya vazirligi Kia K9’ni egasiga qaytardi
Foto: Auto.data

Adliya vazirligiga xususiy korxona tomonidan bepul foydalanish uchun berilgan Kia K9 avtomobili egasiga qaytarildi. Vazirlik matbuot xizmatining «Kursiv» nashriga ma’lum qilishicha, transport vositasidan foydalanish zarurati qolmagan.

«Hukumatning E-qaror platformasi»da 2026-yil 12-fevraldagi 46-sonli buyruq joylashtirilgan, keyinchalik esa o‘chirib tashlangan. Tarmoqlarda tarqalgan skrinshotda «Roodel» MCHJ bilan bepul foydalanish shartnomasi tuzilgani qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, korxona vazirlikka Kia K9 avtomobilini tekin foydalanishga taqdim etgan. Yonilg‘i va texnik xizmat xarajatlari davlat organi zimmasiga yuklatilgan. Buyruqqa bosh vazir o‘rinbosarining 2026-yil 30-yanvardagi topshirig‘i asos qilib ko‘rsatilgan.

E-qaror platformasidan ekran tasviri

Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim faollar davlat organlarining xususiy kompaniyadan yuqori toifadagi avtomobilni bepul qabul qilishi etika va manfaatlar to‘qnashuvi nuqtayi nazaridan savollar uyg‘otishini bildirdi.

Vazirlik matbuot xizmati izohiga ko‘ra, avtomobil nufuzli xorijiy mehmonlar va xalqaro tadbirlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida vaqtincha taklif qilingan. Hozirda undan foydalanish zarurati yo‘qligi sababli transport vositasi egasiga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia kompaniyasi AQShda rekord o‘rnatgani haqida yozgan edi.