Yangiliklar

O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan yo‘l uch oy ichida ta’mirlanadi

Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash bo‘yicha topshiriq berilgan
Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 km magistral yo‘l 30 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan — prezident
Foto: Pexels

O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 km magistral yo‘lni uch oy ichida ta’mirlash boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi yig‘ilishda qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, magistral yo‘l 30 yildan buyon kapital ta’mirlanmagan. Shuningdek, ikki yil avval Osiyo taraqqiyot banki bilan $183 mln qiymatidagi loyiha doirasida Boysun va Denovni bog‘lovchi 111 km yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish ishlari boshlandi. Mazkur yo‘l foydalanishga topshirilgach, yuk tashish hajmi ikki barobar oshishi, safar vaqti esa 3 soatdan 1,5 soatga qisqarishi kutilmoqda.

Toshkent – Termiz yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdning harakat vaqti 14 soatdan oshadi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlarni olib kelish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Shu munosabat bilan Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on uchastkasini tezyurar poyezdlar harakatiga moslashtirish loyihasini joriy yilda boshlash rejalashtirilgan. Shuningdek, 103 km uzunlikdagi Qumqo‘rg‘on – Quduqli temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Surxondaryoda $5 mlrdlik 8 mingdan ortiq loyihalar ishga tushirilgani haqida yozgan edi.