Gadjetlar

Apple’ning arzon MacBook’i narxi 700 – 750 dollar atrofida bo‘lishi mumkin

Yangi noutbuk taqdimoti kelasi hafta o‘tkazilishi mumkin
Foto: WCCF Tech

Apple’ning A18 Pro protsessoriga asoslangan eng hamyonbop MacBook modeli kutilganidan qimmatroq bo‘lishi mumkin. DigiTimes xabariga ko‘ra, kompaniya komponentlar narxi oshib borayotgani sababli bosim ostida qolmoqda.

So‘nggi oylarda xotira modullari qimmatlashgani haqida avval ham xabarlar tarqalgan edi. Endilikda akkumulyatorlar ham sezilarli darajada oshgan. Litiy batareyalar uchun xomashyo narxi ko‘tarilgani, xususan kobalt qiymati oshgani sababli batareya modullari fevral oyida 10 – 15 foizga qimmatlagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, yangi MacBook $700 – $750 oralig‘ida baholanishi ehtimol. Dastlabki mish-mishlarda qurilmaning boshlang‘ich narxi $600 bo‘lishi aytilgandi.

Shunga qaramay, model baribir bazaviy MacBook Airdan arzon bo‘ladi – hozirda u $1000 dan sotilmoqda. Yangi versiya unumdorlik jihatidan biroz pastroq (A18 Pro chipi asosida), shuningdek, unda Thunderbolt portlari va klaviatura yoritgichi bo‘lmasligi kutilmoqda.

Yangi noutbuk taqdimoti kelasi hafta o‘tkazilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple yil oxirida sensorli MacBook Pro’ni taqdim etishi haqida yozgandi.