Avto

Aston Martin xarajatlarni qisqartirish uchun 20% xodimni ishdan bo‘shatadi

Bu choralar orqali ishlab chiqaruvchi taxminan 40 mln funt sterling ($54 mln atrofida) mablag‘ni tejashni ko‘zlamoqda
Foto: Getty Images

Buyuk Britaniyaning avtomobil ishlab chiqaruvchisi Aston Martin moliyaviy bosim kuchaygani sababli shtatni sezilarli darajada kamaytirishga qaror qildi. The Guardian xabariga ko‘ra, kompaniya jami xodimlarning qariyb beshdan bir qismini qisqartirishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu choralar orqali ishlab chiqaruvchi taxminan 40 mln funt sterling ($54 mln atrofida) mablag‘ni tejashni ko‘zlamoqda. Rejaga binoan, 500 ga yaqin ish o‘rni optimallashtiriladi. Yil boshida esa kompaniya allaqachon 170 nafar xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, biznesni barqarorlashtirish va strategik rejalarni amalga oshirish uchun tashkiliy o‘zgarishlar zarur bo‘lgan. Rahbariyat bu qarorni qiyin, ammo majburiy qadam sifatida baholagan.

So‘nggi yillarda Aston Martin moliyaviy yo‘qotishlarni boshdan kechirmoqda. 2024-yilda zarar 289 mln funt sterlingni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 363 mln funt sterlinggacha oshgan.

2019-yildagi IPO’dan so‘ng kompaniya aksiyalari sezilarli darajada qadrsizlandi. O‘tgan davr mobaynida ishlab chiqaruvchi dilerlik tarmog‘idagi ortiqcha zaxiralar, ishlab chiqarishdagi uzilishlar va talab pasayishi kabi muammolarga duch kelgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada 1-martdan mehnat migrantlarini ishdan bo‘shatish qoidalari o‘zgarishi haqida yozgandi.