
Audi kompaniyasi yangi avlod Audi Q7 krossoverini ommaviy yo‘llarda sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Daily Motor nashri ma’lum qildi. Model 2000-yillardan beri ishlab chiqariladi va brendning eng mashhur avtomobillaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi avlod Q7 tashqi ko‘rinishda jiddiy o‘zgaradi. Renderlarga qaraganda, avtomobil old qismi yanada yirikroq va agressivroq bo‘ladi. Faralar ikki qismli dizaynda bajariladi. Sakkiz burchakli radiator panjarasi qayta ishlanadi.

Kattaroq havo kirish qismi mashinaga sportcha ko‘rinish beradi. An’anaviy eshik tutqichlari o‘rniga elektr mexanizmli yashirin tutqichlar qo‘llanadi. Bu aerodinamikani yaxshilaydi.
Salon ham to‘liq yangilanadi. Ichki makon raqamli va yuqori texnologiyali bo‘ladi. Asimmetrik virtual panel multimedia ekrani bilan bitta oynali blok ostida joylashadi. Old yo‘lovchi uchun alohida sensorli displey taklif qilinishi mumkin. Haydovchi uchun esa kengaytirilgan reallikka ega proyeksion ekran paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, yaxshilangan bezak materiallari, sovitish funksiyasiga ega simsiz quvvatlash paneli, yangilangan audio tizim va akustik shishalar ham taklif etiladi.
Yangi Audi Q7 PPC platformasiga o‘tadi. Bu MLB Evo bazasining takomillashtirilgan versiyasi hisoblanadi. Model yumshoq gibrid, klassik gibrid va quvvatlantiriladigan gibrid versiyalarda taqdim etiladi. Elektr yurish zaxirasi ham oshiriladi.
Yangi Q7 premyerasi 2026-yil o‘rtalarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Model BMW X5 va Mercedes-Benz GLE bilan raqobat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi E5 arzonlashtirilgani haqida yozgan edi.