
Sunnatga ko‘ra shom namozining vaqti kirib, quyosh botgach, avval og‘iz ochiladi, so‘ng shom namozi o‘qiladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi ma’lumot berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mutaxassisi Abduvohid domla Ahmadaliyev «Avval iftor qilinadimi yoki shom namozi o‘qiladimi?» degan savolga quyidagicha javob berdi:
«Bismillahir rohmanir rohim. Alhamdulillah vas-solatu vas-salamu ala rasulillah. Ammo ba’d. Bu borada sunnat shuki, shom namozining vaqti kirgandan keyin avval og‘zini ochib, so‘ng shom namozi o‘qiladi. Bu haqda Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon ro‘za tutgan bo‘lsalar, shom namozining vaqti kelishi bilan avval ho‘l xurmo bilan og‘izlarini ochib, so‘ng shom namozini o‘qir edilar, deydilar. Bundan tashqari, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflarida keltiriladiki, Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisi sharif. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki: «La yazalun-nasu bi xayrin ma ‘ajjalul-fitr». Ya’ni, insonlar yaxshilikda bardavom bo‘ladilar, modomiki og‘iz ochishni tezlatsalar, deydilar. Shuning uchun ulamolarimiz, fuqaholarimiz shom namozining vaqti kirib, quyosh botgandan keyin ro‘zador avval og‘zini ochib, nafsiga andak orom berganidan keyin, keyin shom namozini o‘qishga turadi. Va bu hukm barcha farz, vojib va nafl ro‘zalarga tegishlidir. Chunki bu haqida kelgan hadislar farz yoki vojib ro‘zalarga xoslanmagan. Shuning uchun ro‘zaning har qanday turida, ya’ni faqat Ramazon ro‘zasi emas, balki Ramazondan tashqari nafl yoki vojib yoki qazo ro‘zalarida ham hukm shu. Ya’ni avval og‘izni ochib, so‘ngra shom namozini o‘qiladi. Vallohu a’lam», — deydi Abduvohid domla.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramazonda suvsizlanishning oldini qanday olish mumkinligi haqida yozgandi. Unga ko‘ra, saharlikdan keyin 250 – 300 ml suv ichish tavsiya etiladi. Bu organizmga ro‘za davomida zarur bo‘lgan zaxira suyuqlikni beradi.
Hududlar kesimida saharlik va iftorlik vaqtlaridagi farqni @fatvouz_taqvim_bot telegram boti orqali aniqlash mumkin. Bot orqali yashash hududingizni tanlab, aniq vaqtlarni bilish imkoni mavjud.