Yangiliklar

10-sinf o‘quvchisi BMW’da urib yuborgan YPX inspektori vafot etdi

Xosilbek Eshnazarov
Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati

Joriy yil 25-fevral kuni soat 21:48 atrofida Toshkent shahrida xizmat vazifasini bajarayotgan Yo‘l patrul xizmati (YPX) inspektori kichik serjant Xosilbek Eshnazarov yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohatlari oldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi BMW rusumli avtomobil inspektorni urib yuborgan. Uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organi xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay vafot etdi.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati hamda shaxsiy tarkib marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirdi. Xosilbek Eshnazarov 2022-yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tergov hibsxonasida saqlangan fuqaro shifoxonaga olib borilayotganda vafot etgani haqida yozgandi.