Avto

BYD Denza Z9 GT modeli dunyodagi eng uzoq masofali elektromobil bo‘ldi

BYD
CLTC standartiga ko‘ra 1 036 km masofani bosib o‘tish imkoniga ega
Foto: BYD Denza

Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchisi BYD yangilangan Denza Z9 GT modelini dunyodagi eng uzoq masofali to‘liq elektr transport vositasi sifatida e’lon qildi. Bu haqda CarnewsChina nashri xabar berdi.

Mashina 122,496 kVt·soatlik Blade batareya paketi bilan jihozlangan bo‘lib, CLTC standartiga ko‘ra 1 036 km masofani bosib o‘tish imkoniga ega.

Yangi Denza Z9 GT RWD (orqa g‘ildirakdan tortish) va AWD (to‘liq tortish) variantlarida taqdim etiladi. RWD modeli 370 kVt (496 ot kuchi) elektr motoriga ega va maksimal tezligi 240 km/soatni tashkil qiladi. AWD modeli esa old g‘ildirakda 230 kVt (308 ot kuchi) va orqa g‘ildiraklarda ikkita 310 kVt (416 ot kuchi) elektr motorlarini jamlab, umumiy quvvati 850 kVt (1 140 ot kuchi) ga yetadi va maksimal tezligi 270 km/soatga yetadi.

Foto: BYD Denza

PHEV (plug-in hybrid) versiyasi 63,82 kVt·soatlik batareya paketi bilan jihozlangan bo‘lib, 400 km masofani sof elektr rejimida bosib o‘ta oladi. Bu versiya 2.0T ichki yonish dvigateli va uchta elektr motoridan iborat bo‘lib, umumiy quvvati 640 kVt (858 ot kuchi) ga yetadi va maksimal tezligi 230 km/soatni tashkil qiladi.

Foto: BYD Denza

Kabinada simmetrik kokpit dizayni saqlangan bo‘lib, 17,3 dyuymli markaziy ekran va ikki 13,2 dyuymli 2.5K ekran mavjud. Mashina 4nm DiLink aqlli kokpit chipi orqali 10-ekranli bog‘lanish va ovozli boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: BYD Denza

Shuningdek, yangilangan Denza Z9 GT BYD DiPilot 300 God’s Eye B 5.0 ilg‘or haydovchilik yordam tizimi bilan standart jihozlangan. Mashina uzunligi 5 195 mm, eni 1 990 mm, balandligi 1 480 – 1 500 mm va g‘ildirak bazasi 3 125 mm ni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD 1000 ot kuchiga ega yangi sedanni tayyorlayotgani haqida yozgandi.