
You Tube’dagi SardorbekUz kanali Chiroqchi avtomobil bozoridagi narxlarni o‘rgandi. Videodan ko‘rish mumkinki, Chevrolet Cobalt narxlari sezilarli pasaygan.
Mexanik uzatmali Cobalt
Bozordagi eng faol segment mexanik uzatmali Cobalt bo‘ldi. 2020-yilgi, 110 ming km yurgan, toza kraskali, to‘rtinchi avlod metan gaz uskunasi o‘rnatilgan variant 105 mln so‘mga taklif qilindi. Egasi naqd savdoga tayyor, shuningdek yarim pulini berib ikki-uch oy nasiya qilishga ham rozi ekanini bildirgan.

2023-yil oxirida ishlab chiqarilgan, 8 ming km yurgan Cobalt esa deyarli yangi holatda. Metan gaz o‘rnatilgan, kuzovi zavod bo‘yoqda saqlangan. Bunday variantlar asosan 150 mln so‘m atrofida baholanmoqda.
Avtomat uzatmali Cobalt
2022-yilgi avtomat uzatmali Cobalt 51 ming km yurgan, propan gazli variant 130 mln so‘m atrofida sotuvga qo‘yilgan. Sotuvchi 110 mln so‘mgacha tushish taklifini rad etgan. Nasiya yoki bank orqali rasmiylashtirish imkoniyati borligi aytilmoqda.

2024-yilgi avtomat Cobalt, 13 ming km yurgan, benzinda yuradigan varianti 145 mln so‘m narxda taklif qilinmoqda. Egasi 140 mln so‘mdan pastga tushmasligini ma’lum qilgan.
Midnight Cobalt
Bozorda 2025-yilgi Midnight Cobalt modellari ham ko‘p uchradi. 3 ming km yurgan, qora disk va qora bezakli variant 155 mln so‘m narxda turibdi. Bu avtomobillar avtosalonlarda ham 155 mln so‘m atrofida baholanmoqda.

33 ming km yurgan 2025-yilgi Midnight Cobalt esa 140 mln so‘m atrofida taklif qilinmoqda. Biroq 135 mln so‘mga tushish bo‘yicha kelishuv bo‘lmagan. Ayrim sotuvchilar 150 mln so‘m plus-minus narxda savdoga tayyor ekanini bildirgan.
Eng to‘liq komplektatsiyadagi, 1,3 ming km yurgan 2026-yilgi Midnight variant esa 160 mln so‘mga yaqin baholangan. Zavod narxi 165 mln so‘m ekani aytilmoqda.

Bloger 25-fevral kungi bozor narxlarini nisbatan pasayganini qayd etgan. Unga ko‘ra, avtomobil narxlari turli hududlardagi bozorlarda turlicha bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sergeli bozorida Cobalt narxi qanchaga pasaygani haqida yozgan edi. Nozorda asosan 2022 – 2025-yillardagi Cobalt’lar taklif qilinmoqda. Ayrim yurmagan holatdagi mashinalar $12,3 ming atrofida baholanmoqda. Muallif Ramazon oyida chegirma berilayotganini aytib, ayrim avtomobillarni $12,2 minggacha tushirishini bildiradi. Ba’zi variantlar uchun narx $12 ming darajasida kelishilishi mumkinligi qayd etiladi.
8-fevral kuni 2026-yilgi Cobalt’ning MCM va Stay komplektatsiyalari $14 mingdan $14,2 minggacha narxlarda baholangan. 2025-yilgi Midnight variantlari esa $12,5 mingdan $12,8 minggacha bo‘lgan oraliqda taklif etilgan edi.
