
Yevropa Chempionlar Ligasi 2025/2026-yilgi mavsumining 1/8 final bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Abduqodir Husanov harakat qilayotgan «Manchester Siti» va Madridning «Real» klubi bilan bellashadi.
Pep Gvardiola boshqaruvidagi «Manchester Siti» bu safar ham Madridning «Real» klubiga qarshi o‘ynaydi. «Shaharliklar»ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov yana bir bor Mbappe va Vinisiusni to‘xtatishga harakat qilib ko‘radi. Kataloniyaning «Barselona» jamoasi Eddi Hau boshqaruvidagi «Nyukasl» bilan to‘qnash keladi.

Musobaqaning amaldagi chempioni «PSJ» Londonning «Chelsi» klubi bilan bahslashsa, Londonning yana bir jamoasi «Tottenhem» Madridga safar qiladi. Igor Tudor shogirdlari «Atletiko» klubiga qarshi maydonga chiqadi. Sensatsion g‘alabalari bilan ko‘pchilikni hayron qoldirgan «Budyo-Glimt» Portugaliyaning «Sporting» jamoasi bilan bellashadi.

Angliyada yetakchi bo‘lib turgan «Arsenal» Germaniyada «Bayer» mehmoni bo‘lsa, «Bavariya» Italiyada «Atalanta» bilan kuch sinashadi. «Yuventus»ni musobaqadan chiqarib yuborgan «Galatasaroy» Turkiyada «Liverpul»li qabul qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Galatasaray» o‘z maydonida «Yuventus»ni tor-mor etgani haqida xabar bergan edi.