Yangiliklar

Isroildagi o‘zbekistonliklarga xavfsizlik bo‘yicha murojaat qilindi

Xavfsizlik bilan bog‘liq holatlar qisqa vaqt ichida keskin tus olishi mumkin
Isroil
Foto: Reuters

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarga rasmiy ogohlantirish bilan chiqdi. Diplomatik vakolatxona hududdagi vaziyat o‘zgaruvchan ekanini bildirib, vatandoshlarni shaxsiy xavfsizlik masalalariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.

Murojaatda qayd etilishicha, xavfsizlik bilan bog‘liq holatlar qisqa vaqt ichida keskin tus olishi mumkin. Shu sababli fuqarolarga mahalliy rasmiy idoralar ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilish, ommaviy yig‘inlar va gavjum maskanlardan imkon qadar chetda bo‘lish tavsiya etilgan. Shuningdek, ayrim hududlarga safarlarni vaqtincha kechiktirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangan.

Elchixona vakillari shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo yonida olib yurish, yaqinlar bilan aloqani uzmaslik hamda harakatlanishda ehtiyot choralarini ko‘rish zarurligini eslatdi.

Zarurat tug‘ilganda elchixona bilan 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076 telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin. Favqulodda holatlar uchun +972 54 485 1397 ishonch telefoni faol. Shuningdek, il.uzembassy@mfa.uz elektron manzili orqali ham murojaat yuborish imkoni mavjud.

Diplomatik vakolatxona barcha vatandoshlarni ogohlikni kuchaytirishga va rasmiy tavsiyalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan G‘azoda Isroil zarbalari oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani haqida yozgandi.