Jim Rojers izidan: O‘zbekistonda aksiya va obligatsiyalarga qanday sarmoya kiritish mumkin

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Kursiv Uzbekistan bu haqda mutaxassis bilan suhbatlashdi
Xorijliklar O‘zbekistonda aksiya va obligatsiyalarni qanday sotib olishi mumkin / Rasm SI tomonidan yaratilgan

2026-yil yanvar oyida afsonaviy sarmoyador Jim Rojers O‘zbekiston fond bozorida yirik xaridlar amalga oshirganini e’lon qilib, respublika aktivlariga nisbatan yangi qiziqish to‘lqinini keltirib chiqardi. Hujjatlarni rasmiylashtirishdan tortib, foydani chiqarib olish va likvidli qimmatli qog‘ozlarni tanlashgacha bo‘lgan jarayonlarda xorijliklar qanday qilib bu guruning yo‘lini takrorlashi mumkinligini mutaxassis bilan birgalikda ko‘rib chiqamiz.

Mundarija:

1-qadam: hujjatlarni tayyorlash va ro‘yxatdan o‘tish

Avesta Investment Group’ning brokerlik yo‘nalishi rahbari Arnold Vdovkinning tushuntirishicha, ishni boshlash uchun xorijiy sarmoyador (jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishidan qat’i nazar) soliq organlarida rasman ro‘yxatdan o‘tishi va investitsiya vositachisi bilan shartnoma tuzishi zarur.

«Eng avvalo, investitsiya vositachisi bilan brokerlik va depozitar xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzish kerak. Buning uchun sarmoyador odatiy ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlarini — pasport nusxasi, imzo namunasi bo‘lgan kartochka, aloqa ma’lumotlarini taqdim etishi lozim. Yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda ta’sis hujjatlari (ustav, ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) nusxalarini taqdim etish talab qilinadi», — deya izoh beradi mutaxassis.

Identifikatsiya raqamlarini olish muhim bosqich hisoblanadi:

  • jismoniy shaxslar uchun: JShShIR (Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami);
  • yuridik shaxslar uchun: soliq raqami (STIR).

«Barcha kerakli hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng, xorijiy sarmoyadorga brokerlik hisobraqami ochiladi va u fond birjasining savdo platformasiga kirish huquqiga ega bo‘lib, u yerda mustaqil ravishda aksiya va obligatsiyalar bilan savdo qilishi mumkin. Shuningdek, sarmoyador elektron pochta orqali brokerga o‘z nomidan sotib olish yoki sotish bo‘yicha topshiriq berishi ham mumkin», — deb tushuntiradi mutaxassis.

2-qadam: ishonchli brokerni qanday tanlash kerak

Vositachini tanlash — ayniqsa kompaniyalar kapitaliga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilayotgan bir sharoitda o‘ta muhim bosqichdir. Litsenziyaga ega ishtirokchilar ro‘yxati «Toshkent» fond birjasi saytida mavjud.

«Brokerni tanlashda sarmoyador amaldagi litsenziya mavjudligiga e’tibor qaratishi kerak. Shuningdek, fors-major holatlarida majburiyatlarni bajarish ishonchlilik xavfini baholash uchun brokerning o‘z kapitali miqdoriga ham ahamiyat berish zarur», — ta’kidlaydi Avesta Investment Group vakili.

2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli prezident farmoniga ko‘ra, ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablar bosqichma-bosqich oshib boradi:

  • 2026-yil 1-iyuldan — BHMning 3000 baravaridan (1,24 mlrd so‘m) kam bo‘lmagan miqdorda;
  • 2027-yil 1-iyuldan — BHMning 4000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • 2028-yil 1-iyuldan — BHMning 6000 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda.

Mutaxassis axborot ochiqligiga: saytning mavjudligi, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalaridagi faollik, shuningdek, openinfo.uz portalida hisobotlarning e’lon qilinishiga e’tibor qaratishni maslahat beradi.

«Har chorakda hisobot e’lon qilish majburiyati farmonda ko‘zda tutilganiga qaramay, ayni paytda faqat barmoq bilan sanarli kompaniyalargina 2025-yilning IV choragi uchun o‘z hisobotini e’lon qilgan», — deya qayd etadi Arnold Vdovkin.

Broker tomonidan emitentlar va sohalar bo‘yicha sifatli tahlillarning taqdim etilishi qo‘shimcha ustunlik bo‘ladi.

3-qadam: xavflarni baholash va kapitalni repatriatsiya qilish

O‘zbekiston bozori yuqori daromadlilikni taklif etadi, biroq sarmoyadorlar o‘ziga xos xavf-xatarlarni, eng avvalo, likvidlik masalasini yodda tutishlari lozim.

«Asosiy xavflardan biri — mahalliy emitentlarning savdoga qo‘yilgan ko‘plab aksiya va obligatsiyalari bo‘yicha likvidlikning pastligi yoki umuman yo‘qligi. Xorijiy sarmoyadorlar tomonidan eng ko‘p beriladigan savollardan biri bu — bunday sharoitda sotib olingan paketni sotish uchun qancha vaqt ketishi bilan bog‘liq», — deydi mutaxassis.

Mablag‘larni chiqarib olishga kelsak, bu borada hech qanday cheklovlar yo‘q. Xorijiy sarmoyadorlar aksiyalar bo‘yicha dividendlarni va obligatsiyalar kuponlari bo‘yicha to‘lovlarni xorijdagi bank hisobraqamlariga valyutada olishlari yoki ularni fond bozoriga qayta sarmoya qilishlari mumkin. Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlarni to‘lash bo‘yicha to‘lov agenti funksiyasi Markaziy depozitariyga o‘tkazilgach, ushbu jarayon sarmoyadorlar uchun yanada qulaylashdi.

«Kapitalni repatriatsiya qilish (qaytarib olib chiqish) bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q. Qoida tariqasida, xorijiy sarmoyador aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘larni konvertatsiya qilib, o‘zining xorijdagi hisobraqamiga o‘tkazishi mumkin, bu jarayon uch-to‘rt kun vaqt oladi», — deya izohlaydi mutaxassis.

4-qadam: aktivlarni tanlash bo‘yicha maslahatlar

O‘zbekiston Respublikasi bozorida o‘z yo‘lini endi boshlayotganlar uchun mutaxassis eng ishonchli vositalar va sektorlarga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi.

  • Likvidlikni tanlang: mablag‘ kiritishni rejalashtirganda likvidli aksiyalarga yo‘naltirilgan ma’qul. Bunday emitentlar ro‘yxatini birja saytida tekshirish yoki brokerdan so‘rash mumkin.
  • Ko‘rsatkichlarni tahlil qiling: xarid qilishdan oldin kompaniyaning moliyaviy natijalarini, korporativ madaniyatini va dividendlar to‘lash tarixini o‘rganib chiqish zarur.
  • Valyuta xavfini hisobga oling: qimmatli qog‘ozlar so‘mda chiqarilganligi sababli, daromadlilik milliy valyutaning barqarorligiga bog‘liq. Ushbu xavfni minimallashtirish uchun korporativ obligatsiyalarni tanlash mumkin. Ba’zida ularning daromadliligi yuqori bo‘ladiki, u so‘mning dollarga nisbatan kutilayotgan qadrsizlanishini ortig‘i bilan qoplaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda O‘zbekiston fond bozorida qaysi aksiyalar eng sezilarli o‘sishni ko‘rsatgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek