Konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha 200 mln dollarlik loyihalar shakllantiriladi

Konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha $200 mlnlik loyihalar shakllantiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda qayd etildi.
Unda viloyat rahbariyati oldiga joriy yilda investitsiyalar hajmini $3 mlrdga, eksportni esa $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, kambag‘allikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish belgilandi. Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish muhim ekani ta’kidlandi.
So‘nggi 9 yilda viloyat iqtisodiyotida sanoat ulushi 5 barobar oshib, 10 foizga yetgan. Biroq bu ko‘rsatkich hali ham yetarli emasligi qayd etildi.
Hududda 100 mln tonna ko‘mir zaxirasi mavjud bo‘lsa-da, yiliga atigi 1 foizi qazib olinmoqda. Joriy yilda Boysundagi «Sanjar» va Oltinsoydagi «Oqsuv», kelasi yilda esa «Fangart» konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
Janubiy Afrikaning «Sosol» kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi bir nechta konlarga xitoylik investorlar $1 mlrd kiritishga tayyor.
Mazkur zaxiralar elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya va avtomobilsozlik tarmoqlari uchun xomashyo bazasi bo‘la oladi. Shu bois konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitob qilib, kamida $200 mlnlik loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, Boysundagi «Bezaktop» konida yuqori sifatli tabiiy tosh zaxiralari borligi qayd etildi. Ushbu va shunga o‘xshash konlarda geologiya ishlarini boshlash topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va AQSh muhim foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzolagandi. Bitimga ko‘ra, muhim foydali qazilmalar zanjirining barcha bosqichlariga sarmoya kiritish rejalashtirilgan. Bunga geologik qidiruv, qazib olish va qayta ishlash kiradi.