
Buxoro va Sirdaryoda kredit hamda subsidiya evaziga pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyatida AT «Xalq banki»ning Romitan tuman standart bank xizmatlari markazi sho‘ba mudiri xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroga boshqa tijorat bankidagi tanishlari orqali 800 mln so‘m kredit olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u $2 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda sho‘ba mudiri so‘ralgan pulning $1 mingni uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28, 192 prim 9-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sirdaryo viloyatida qayd etilgan holatda esa mikroqarz ajratish bilan shug‘ullanuvchi MChJning Guliston shahar filiali menejeri hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali Oqoltin tumanida yashovchi fuqaroga imtiyozli uy-joy uchun subsidiya ajratishda yordam berishni va’da qilgan.
Buning evaziga u $8 ming talab qilib, 96 mln so‘m olayotgan paytda DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xorazmda qalbaki alkogol ishlab chiqargan yashirin sex fosh etilgani haqida yozgan edi.