
Xitoyda Leapmotor va FAW hamkorligida ishlab chiqilgan ilk avtomobil sinov jarayonida ko‘rindi. CarNewsChina’ga ko‘ra, u Hongqi brendi ostida chiqariladi va 2026-yilning ikkinchi yarmida bozorga chiqishi kutilmoqda.
Yangi model o‘rta o‘lchamli krossover bo‘lib, yopiq old panjara, yarim yashirin eshik tutqichlari va zamonaviy dizaynga ega. G‘ildiraklardagi belgilar va dvigatel qopqog‘idan uning Hongqi modeli ekani aniqlangan.



Ma’lumotlarga ko‘ra, model Leapmotor’ning LEAP 3.5 platformasida yaratilgan. FAW 2025-yil oxirida Leapmotor aksiyalarining 5 foizini sotib olgan edi. Yangi avtomobil taxminan 4 750 mm uzunlikda bo‘lishi mumkin. Unda besh spokli disklar, tom spoyleri va orqa oynada tozalagich mavjud.
Kapoti ostida ichki yonuv dvigateli ham bor. Model PHEV yoki EREV ekani rasman tasdiqlanmagan, biroq kompaniyalar hozir asosan masofani uzaytiruvchi texnologiyalarga e’tibor qaratmoqda. Shu sababli u EREV (Extended Range Electric Vehicle) bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Salon hozircha kamuflyaj bilan yopilgan. Ichkarida katta gorizontal sensorli ekran, D shaklidagi rul va kichik raqamli asboblar paneli borligi ko‘rinadi.

Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, model 800V yuqori kuchlanish tizimi, CTC 2.0 texnologiyasi, Qualcomm Snapdragon 8650 chipi va 27 ta funksiyani birlashtirgan issiqlik boshqaruv tizimi bilan jihozlanadi. Platforma Leapmotor’dan olingan bo‘lsa-da, dizayn Hongqi’ning an’anaviy uslubida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hongqi kompaniyasi ilk yo‘ltanlamas avtomobilini taqdim etishi xabar berilgandi. Sinovdagi avtomobil qalin kamuflyaj bilan yopilgan bo‘lsa-da, uning klassik burchakli kuzov shakli saqlab qolingan. Old qismda Hongqi’ga xos yirik «sharshara» uslubidagi radiator panjarasi mavjud. Tom qismida LiDAR sensori o‘rnatilgani ko‘rinadi, bu esa ilg‘or haydovchi yordam tizimlari qo‘llanilishini anglatadi.