Avto

MG yangi gibrid avtomobilini sinovdan o‘tkazmoqda

U shartli ravishda MG07 deb atalmoqda
MG yangi gibrid avtomobilini sinovdan o‘tkazmoqda
Foto: autohome

SAIC tarkibidagi MG brendi Xitoyda yangi avtomobilini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, avtomobil shartli ravishda MG07 deb atalmoqda. Avtomobil tashqi ko‘rinishda MG7’ga o‘xshash bo‘lsa-da, butunlay yangi platformada yaratilgan. Old qismi yirik radiator panjarasi bilan ajralib turadi. Eng e’tiborga molik jihati esa tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR sensori bo‘ldi. Bu modelda ilg‘or haydovchiga yordam tizimlari mavjud bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Autohome

Profil tomondan qaralganda, avtomobil uzun kuzov va katta g‘ildirak bazasiga ega ko‘rinadi. Yarim yashirin eshik tutqichlari qo‘llangan. Orqa qism fastbek uslubida ishlangan. Chiroqlar butun kenglik bo‘ylab joylashgandek taassurot beradi, biroq sinov nusxasida vaqtinchalik yoritish elementlari o‘rnatilgan.

Salon suratlarida haydovchiga yo‘naltirilgan interyer ko‘rinadi. Rul dizayni yangi MG4 modeliga o‘xshaydi. Panel markazida suzuvchi sensorli ekran joylashgan bo‘lib, unda Oppo‘ning aqlli avtomobil tizimi ishlashi taxmin qilinmoqda. Markaziy konsolda elektron uzatma selektori, simsiz zaryadlash maydoni va saqlash joylari mavjud. Shu bilan birga, ayrim fizik tugmalar ham saqlab qolingan.

Foto: Autohome

Orqa o‘rindiq qismida tekis pol qo‘llangan. Bu esa qulaylikni oshiradi. Sport disklari va qizil tormoz supportlari ham ko‘zga tashlanadi.

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, avtomobilda yon tomonlarda ham zaryadlash porti, ham yoqilg‘i quyish qopqog‘i mavjud. Bu model gibrid talqinda taklif qilinishini anglatadi. Texnik xususiyatlar hozircha oshkor etilmagan.

Foto: Autohome

Yangi sedan MG brendining fastbek ochilish tizimini saqlab qolishi kutilmoqda. Shu tariqa u sedan uslubini yukxonaga qulay kirish bilan birlashtiradi. Model haqida batafsil ma’lumotlar sinovlar yakuniga yaqin e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri MG4 avtomobili endi CATL batareyalari bilan jihozlanishi haqida yozgan edi.