
Yo‘llarda noqonuniy poygalar tashkil etish va ularda ishtirok etganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda avtomobil yo‘llarida o‘tkazilayotgan noqonuniy poygalar yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Bunday holatlar nafaqat jamoat tartibini buzmoqda, balki og‘ir yo‘l-transport hodisalari va inson o‘limigacha olib kelayotgan salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tashabbus aholining, xususan haydovchilar va piyodalarning xavotirlariga javoban ilgari surilgan. Qonun loyihasi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishga qaratilgan.
Hujjat joriy yilning 17-fevral kuni vazirlik va idoralarga kelishish uchun yuborilgan. Belgilangan tartibda kelishuv jarayonlari yakunlangach, loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik poygachi «Dubay 24 soat» turnirida «Rossa Racing» jamoasini boshqarishi haqida yozgandi.