O‘zbekistonda 1-martdan jarima xatlari pochta orqali yuborilmaydi

1-martdan boshlab yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun rasmiylashtiriladigan jarima xatlari endi pochta orqali yetkazilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston pochtasi aksiyadorlik jamiyati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu xizmatning to‘xtatilishiga Ichki ishlar vazirligi huzuridagi «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan 2026-yil uchun shartnoma tuzilmagani sabab bo‘lgan. Natijada YHXX tomonidan shakllantiriladigan ma’muriy bayonnomalar pochta orqali qabul qilinmaydi va yetkazib berilmaydi.
Kompaniya vakillari masala yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan jamoatchilik xabardor qilinishini bildirgan.
Hozirda mamlakatda «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi asosida yagona raqamli platforma, 13 ta ma’lumotlarni qayta ishlash markazi hamda o‘n minglab intellektual kuzatuv kameralari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, transport oqimini boshqarish, avtoturargoh tizimlari, ekologik va seysmologik kuzatuv hamda favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish mexanizmlarini takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 10-sinf o‘quvchisi BMW’da urib yuborgan YPX inspektori vafot etgani haqida yozgandi.