
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek, boshqa mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya Moskva shahrida rossiyalik hamkasblari bilan yagona soliq hisobvarag‘i amaliyoti haqida tajriba almashmoqda.
Yagona soliq hisobvarag‘i tizimi barcha soliqlar bo‘yicha yagona to‘lovni amalga oshirish, yagona rekvizitlardan foydalanish va hisobot taqdim etishning yagona muddatlarini belgilashni anglatadi. Bu o‘zgarish soliq to‘lovchilarga qator qulayliklar yaratishi kutilmoqda. Xususan, soliqlarni to‘lash jarayonini soddalashtirish va budjet bilan o‘zaro hisob-kitoblarni yanada qulay qilish maqsad qilingan.

Shuningdek, mazkur amaliyot noto‘g‘ri to‘lovlarning oldini olish hamda ortiqcha penya hisoblanishini bartaraf etishga xizmat qiladi. Turli soliqlar bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ortiqcha to‘lov va qarzdorlik mavjud bo‘lishi holatlarini istisno qilish rejalashtirilgan.

Yagona soliq hisobvarag‘iga tushgan mablag‘larni soliq majburiyatlari hisobidan avtomatik tarzda hisobga o‘tkazish orqali ortiqcha jarayonlarning oldini olish ko‘zda tutilgan. Tajriba almashish jarayoni ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston soliq tizimini yanada rivojlantirishda qo‘llashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan blogerlar daromadini nazorat qilishda Rossiya tajribasi o‘rganilayotgani haqida xabar bergan edi.