Yangiliklar

Qoidabuzarlik bilan maqtangan Asadbek Jumayev ishi yuzasidan sudga protest kiritildi

Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi jinoiy-sud kollegiyasiga protest kiritgan
Ekran tasviri

Toshkent shahrida qoidabuzarliklari va jazodan oson qutulgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda maqtanib chiqqan tyuning atelyesi rahbarining ishi qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.

Bosh prokuraturaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining 2026-yil 16-yanvardagi qarori bilan Asadbek Jumayevga 20 BHM (8,4 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlangan. U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-2-moddasi bilan aybdor deb topilgan.

Holatga xolis huquqiy baho berish maqsadida 2026-yil 26-fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protest kiritilgan. Bunga yil boshida Toshkent ko‘chalarida xavfli harakatlangan BMW avtomobillari videosi tarqalgach, tyuning atelyesi rahbarining ijtimoiy tarmoqlardagi intervyusi sabab bo‘lgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/img_4364.mp4

«Yuz rubling bo‘lguncha, yuzta do‘sting bo‘lsin. Balki biz unchalik yaxshi ish qilmagandirmiz, lekin men faxrlanaman, chunki hech bo‘lmaganda esda qoladigan hayotimiz bilan yashayapmiz», — deb ta’kidlagan edi Jumayev.

Keyinchalik Jumayev o‘z so‘zlarini inkor qilib, buni piar uchun aytganini ma’lum qildi. U jamoatchilikdan uzr so‘rab, «Biz buni targ‘ibot maqsadida qilmadik. Yengiltakligimiz sababli hozir oqibatlarini tortyapmiz», — dedi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan fevral oyida 7 mingdan ortiq yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘lamagani aniqlangani haqida xabar bergan edi.