
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ayrim sobiq yuqori lavozimli amaldorlarning marhum moliyachi Jeffri Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalari yuzasidan dastlabki tekshiruvni boshladi. Bu haqda bosh prokuror Berik Asilov jurnalistlarga ma’lum qilgan, deb xabar berdi Tengrinews.
Avvalroq parlament Majilisi deputati Asxat Raximjanov prokuratura va maxsus xizmatlarga sobiq mansabdorlarning Epshteyn bilan bog‘liqligi, shuningdek, uning Qozog‘istonga tashrif buyurgan-buyurmagani haqidagi ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha so‘rov yuborgan edi.
Deputatning ta’kidlashicha, sobiq bosh vazir va Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimov Epshteyn bilan bog‘liq qaydlarda bir necha bor tilga olingan. Shuningdek, fayllarda Epshteyn va Milliy bankning sobiq rahbari Qayrat Kelimbetovning birgalikdagi dam olishi haqida ham ma’lumotlar borligi aytilmoqda.
Bosh prokuror so‘zlariga ko‘ra, deputat murojaatidan so‘ng ushbu masala yuzasidan dastlabki tekshiruv ishlari boshlangan. Xususan, Epshteynning Qozog‘istonga kelgan-kelmagani, shuningdek, ayrim amaldorlarning uning huzuriga borgan-bormagani aniqlanmoqda.
Rasmiylar tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Epshteyn hujjatlarida tilga olingan Jahon iqtisodiy forumi rahbari iste’foga chiqqani haqida yozgandi.