Qozog‘istonda kafedagi portlash oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi

Qozog‘istonning Shuchinsk shahridagi «Markaz plova» kafesida yuz bergan portlash oqibatida 26 kishi jabrlandi. Bu haqda 27-fevral kuni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan. Ularning besh nafari voqea joyida, yana ikki nafari reanimatsiyada vafot etgan. Qurbonlar orasida 16 yoshli qiz ham bor. Dastlab 15 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda 13 bemor statsionar davolanmoqda. Olti nafar jabrlanuvchi ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgach, ambulator davolanishga yuborilgan.
Jabrlanganlarning aksariyati turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Ularning ahvoli shifokorlar nazoratida.
Favqulodda tibbiy yordam ko‘rsatish uchun viloyat markazidan qo‘shimcha mutaxassislar va uchta anesteziolog-reanimatolog brigadasi jalb qilingan. Akmola viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti tergov boshlanganini eʼlon qildi.
«Yong’in bo’yicha Qozog’iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 292-moddasi 3-qismi (Ikki yoki undan ortiq shaxsning beparvolik tufayli o’limiga sabab bo’lgan yong’in xavfsizligi talablarini buzish) bo’yicha jinoiy ish qo’zg’atildi. Zarur tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi departament ma’lumotida.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 26-fevral kechqurun sodir bo‘lgan. Yong‘in paytida binodan sakkizta gaz balloni olib chiqilgan. Portlash lahzasi videoga tushib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qo‘qondagi uyda portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.