
Rossiya rasmiylari Telegram messenjerini bloklash muddatlari bo‘yicha yakuniy qarorga kelgani aytilmoqda. RBK manbalariga ko‘ra, messenjer faoliyati aprel oyining dastlabki kunlarida cheklanishi mumkin.
Nashr suhbatdoshlarining bildirishicha, bu qaror vazirliklar darajasida muhokama qilingan va Kremlga yaqin ikki manba uni yakuniy deb atagan. Cheklov joriy etilishiga sabab sifatida so‘nggi vaqtlarda messenjer orqali, jumladan voyaga yetmaganlarni noqonuniy harakatlarga jalb qilish holatlari ko‘paygani keltirilgan.
Avvalroq Raqamli rivojlanish vaziri Maksut Shadayev Telegram faoliyatini maxsus harbiy operatsiya hududida cheklash rejalashtirilmayotganini ma’lum qilgan edi. Biroq RBK manbalariga ko‘ra, aprel oyidan messenjer faqat front hududida ishlashi mumkin.
Fevral oyida Rossiya OAVlari Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan. Xabarlarga ko‘ra, platforma ekstremistik mazmundagi ayrim kanallarni o‘chirish bo‘yicha talablarni bajarmagan. Durov esa ayblovlarni so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligiga bosim sifatida baholagan.
Agar bloklash bo‘yicha qaror kuchga kirsa, Telegram Rossiya hududida to‘liq yoki qisman ishlamay qolishi mumkin. Rasmiy idoralar hozircha bu masala yuzasidan ochiq bayonot bermagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Filippin Telegram messenjerini bloklash masalasini muhokama qilayotgani haqida yozgandi.