
Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida boks bo‘yicha Stranja xalqaro turniri davom etmoqda. 26-fevral kuni o‘tkazilgan janglarda O‘zbekistonning 9 nafar vakili g‘alaba qozondi, 3 nafar bokschi esa mag‘lubiyatga uchradi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

O‘tkazilgan bahslarda 48 kg vaznda Farzona Fozilova va Sabina Boboqulova o‘z raqibalarini bir xil 5:0 hisobida mag‘lub etdi. 57 kg vazn toifasida ishtirok etgan Nigina O‘ktamova ukrainalik Karina Vovk ustidan 2-raunddayoq texnik nokaut bilan g‘alabaga erishdi.

Shuningdek, Feruza Kazakova, Navbahor Hamidova, Aziza Zokirova va Oltinoy Sotimboyeva kabi bokschilar ham navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Shavkatjon Boltayev 70 kgda va Abdulloh Madaminov 65 kgda o‘z raqiblaridan ustun keldi.

Xumorabonu Mamajonova, Sitora Turdibekova hamda Sobiraxon Shoxobiddinova raqiblariga imkoniyatni boy berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meyvezer va Pakyao sentabrda ringga chiqishi haqida xabar bergan edi.