
So‘nggi yillarda Surxondaryoda $5 mlrdlik 8 mingdan ortiq loyihalar ishga tushirilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda qayd etildi.
Xitoy, AQSh, Rossiya, Hindiston, Avstriya va Vengriya bilan investitsiya hamda savdo yo‘nalishida yana $10 mlrdlik kelishuvlarga erishilgan.
To‘qqiz yil ichida maktabgacha ta’lim qamrovi 28 foizdan 68 foizga oshdi. 23 ta yangi maktab qurilib, 448 tasi ta’mirlandi. Natijada 102 ming qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Hududda 688 ta ko‘p qavatli uy bunyod etilib, ularga 32 ming oila ko‘chib o‘tdi. Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida «Yangi O‘zbekiston» massivlari barpo etildi.
«To‘palang» ombori suvidan foydalanish loyihasi natijasida Termiz shahri va 10 ta tumandagi 563 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan prezident Surxondaryoda harbiy qism va yangi etnoshaharchani ko‘zdan kechirgani haqida yozgan edi.