Threads shaxsiy xabar yuborishni osonlashtirish ustida ishlamoqda

Foydalanuvchilar o‘rtasidagi muloqotni soddalashtirish maqsadida Threads shaxsiy xabarlar (DM) uchun yangi yorliqni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Tech Crunch xabar berdi.
Platformaning ma’lum qilishicha, sinovda ishtirok etayotgan foydalanuvchilar post yoki izohda «DM me» yoki «Message me» yozuvini qoldirishi mumkin. Natijada avtomatik ravishda shaxsiy suhbatni boshlashga imkon beruvchi havola yaratiladi.
Yorliq bosilganda yakkama-yakka xabarlar oynasi ochiladi. Agar foydalanuvchilar bir-birini kuzatib borsa, xabar asosiy kiruvchi qutiga tushadi. Aks holda, xabar spamdan himoyalash maqsadida «Message Requests» bo‘limiga yo‘naltiriladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu imkoniyat DM boshlash uchun foydalanuvchi profiliga kirish zaruratini kamaytiradi.
Yangi funksiya hozircha AQSh va Kanadadagi ayrim foydalanuvchilar uchun joriy etilgan. Sinov yakunlangach, imkoniyat qachon va qaysi hududlarda kengroq ishga tushirilishi ma’lum qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 7-yanvar holatiga Threads mobil ilovalarda 141,5 mln kundalik faol foydalanuvchiga ega . Shu davrda X’ning mobil platformalardagi kundalik faol foydalanuvchilari soni 125 mlnni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta Threads uchun yangi ulashish funksiyasini taqdim etgan edi.