Yangiliklar

Transport tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar boshlandi — Saida Mirziyoyeva

Poytaxtda «aqlli» svetoforlar o‘rnatiladi va jamoat transporti nazorati kuchaytiriladi
Foto: Telegram-kanal / Saida Mirziyoyeva

O‘zbekistonda transport tizimini modernizatsiya qilishga oid prezident qarori ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Toshkentda o‘tkazilgan taqdimotda tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transportini boshqarishning yangi mexanizmlari namoyish etildi.

Foto: Telegram-kanal / Saida Mirziyoyeva

Mazkur loyiha ijrosi uchun maxsus tuzilgan Yo‘l harakatini tashkil etish markazida Toshkent shahridagi tirbandliklar va ekologiya masalalarini hal qilishga qaratilgan taqdimot o‘tkazildi. Unda poytaxtning umumiy jamoat transporti nazoratini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha strategik rejalar belgilab olindi.

Foto: Telegram-kanal / Saida Mirziyoyeva

Hisobotlarga ko‘ra, yaqin muddat ichida «aqlli» svetoforlar o‘rnatish, yo‘llarga xalqaro standartlarga mos chiziqlar tortish hamda avtoturargohlarni tartibga solish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanadi. Ushbu chora-tadbirlar poytaxtning ekologik holatini yaxshilash va yo‘llardagi harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Telegram-kanal / Saida Mirziyoyeva

Saida Mirziyoyeva ushbu loyihaning hayotga tatbiq etilishini shaxsan nazorat qilib borishini ta’kidladi. Shahar hokimi boshchiligidagi jamoaga qaror ijrosini to‘laqonli ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etish vazifasi yuklatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chinorkent – Amirsoy yo‘nalishida yangi mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.