Yangiliklar

Uchtepa tumani prokurori yordamchisi 15 ming dollar olganida qo‘lga olindi

Firibgarlikda gumonlangan sobiq prokuror yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Korrupsiya
Foto: Total

Toshkent shahrining Uchtepa tumani prokurori yordamchisi mahalliy tadbirkordan $15 ming olib, voqea joyidan qochishga uringan vaqtida qo‘lga olindi.

Gumonlanuvchi ushbu mablag‘ni Shayxontohur tumanidagi ikkita ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida joylashgan noturar joylarni ijaraga olib bergani evaziga talab qilgan.

Gumonlanuvchi tadbirkorga noturar joylarni olib berganini ro‘kach qilib, yordami uchun pul talab qilgan. Qo‘lga olish amaliyoti chog‘ida prokuror yordamchisi voqea joyidan qochishga harakat qilgan, biroq huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs 2025-yilning sentabr oyiga qadar Shayxontohur tumani prokurori yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Hozirgi vaqtda prokuror yordamchisiga nisbatan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kredit hamda subsidiya evaziga pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.