Isroil Eronga havodan zarbalar berdi, Tramp AQShning Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiyasini tasdiqladi — 28-fevralning yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 27-fevral kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Shukurjon Aminova Toshkent «Katta Dubulgʻa» turnirida oltin medalga sazovor boʻldi

Toshkentda oʻtayotgan dzyudo boʻyicha nufuzli «Katta Dubulgʻa» turniri Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Mamlakat terma jamoasi musobaqaning dastlabki kunidayoq ikkita medalni qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasida -57 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Shukurjon Aminova final bahsida yaponiyalik Mio Shirakaneni magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Ushbu gʻalaba sportchining mazkur toifadagi «Katta Dubulgʻa» turnirlaridagi ilk medali boʻldi.
Isroil Eronga havodan zarbalar berdi

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakat Eronga qarshi profilaktik hujum uyushtirganini e’lon qildi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, zarba Isroilga nisbatan ehtimoliy raketa va dron hujumlarining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda favqulodda holat joriy etilgan. Isroil mudofaa kuchlari aholiga boshpanalar yaqinida qolish boʻyicha ogohlantirish bergan. Ta’lim muassasalari, ommaviy tadbirlar va aksariyat ofis ishlari vaqtincha toʻxtatilgan.
Tramp AQShning Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiyasini tasdiqladi

Donald Tramp AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshlaganini tasdiqladi. Prezident bu haqda videomurojaat bilan chiqdi.
Trampning aytishicha, biroz oldin AQSh harbiylari Eronda yirik jangovar amaliyotlarni boshladi. Unga ko‘ra, operatsiya Eronning raketa salohiyati, raketa sanoati, harbiy-dengiz kuchlari hamda yadroviy dasturiga qaratilgan.
AQSh prezidenti Qo‘shma Shtatlar Eronning barcha raketalarini va tegishli infratuzilmasini yo‘q qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Eron bilan bog‘liq proksi guruhlar ham zarba ostiga olinganini ta’kidladi.
«Manchester Siti» 40–60 ochkodan mahrum qilinishi mumkin

Angliya Premyer-ligasidagi moliyaviy qoidalar buzilishi boʻyicha ish davom etmoqda. Ekspert Kiran Maguayrning bildirishicha, agar «Manchester Siti» aybdor deb topilsa, klubga juda jiddiy sanksiyalar qoʻllanilishi mumkin.
Uning fikricha, jazo ochkolarni kamaytirish shaklida boʻlishi ehtimol bor. Maguayr hisoblashicha, bu 40 – 60 ochko atrofida boʻlishi mumkin. U bunga «Everton» va «Nottinghem Forest» klublariga bir nechta qoidabuzarlik uchun ochko olib tashlanganini misol qildi. «Manchester Siti»ga qoʻyilgan ayblovlar esa 2009 – 2018-yillarni qamrab olgan va hajman ancha keng.
Eron Fors koʻrfazidagi AQSh bazalariga zarba berdi

Eron Fors koʻrfazi mintaqasidagi AQSh harbiy infratuzilmalariga ommaviy zarba berganini maʼlum qildi. Bu haqda Al Jazeera va Eron davlat OAV xabar berdi.
Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi AQSh – Isroil zarbalariga javoban raketa va dronlardan iborat toʻlqinli hujum boshlaganini bildirdi. FARS agentligi maʼlumotiga koʻra, zarbalar Qatardagi Al-Udeid aviabazasi, Kuvaytdagi Ali Al-Salem bazasi, BAAdagi Al-Dhafra aviabazasi hamda Bahrayndagi AQSh Beshinchi floti qarorgohini nishonga olgan.
Toshkentda yo‘l harakatini yaxshilash uchun «Dolzarb 90 kunlik» boshlandi

Toshkentda yo‘l harakatini yaxshilash uchun «Dolzarb 90 kunlik» boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari tomonidan poytaxtdagi eng tirband 472 kilometr avtomobil yo‘llari aniqlangan. Ishlar, birinchi navbatda, aynan shu uchastkalarda olib boriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 27-fevral kungi muhim yangiliklar dayjesti haqida yozgandi.