
Eron Fors koʻrfazi mintaqasidagi AQSh harbiy infratuzilmalariga ommaviy zarba berganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Jazeera va Eron davlat OAV xabar berdi.
Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi AQSh – Isroil zarbalariga javoban raketa va dronlardan iborat toʻlqinli hujum boshlaganini bildirdi. FARS agentligi ma’lumotiga koʻra, zarbalar Qatardagi Al-Udeid aviabazasi, Kuvaytdagi Ali Al-Salem bazasi, BAAdagi Al-Dhafra aviabazasi hamda Bahrayndagi AQSh Beshinchi floti qarorgohini nishonga olgan.
Bahrayn davlat axborot agentligi AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti xizmat koʻrsatish markazi raketa hujumiga uchraganini tasdiqladi. Manbalarga koʻra, poytaxt Manama yaqinidagi Juffayr hududida kuchli portlashlar eshitilgan.
Qatar Mudofaa vazirligi esa mamlakat hududiga yoʻnaltirilgan bir nechta zarbalar muvaffaqiyatli qaytarilganini ma’lum qildi. BAAdagi ayrim manbalar Al-Dhafra aviabazasi hududida ham portlashlar qayd etilganini bildirgan.
Shu bilan birga, ayrim manbalarga koʻra, AQSh tomonidan yoʻllangan toʻrtta zarba Eron hududiga yetib bormay, Bagʻdod janubi-gʻarbiy qismiga tushgan. Bu hudud «Kataib Hizbulloh» guruhi nazorat qiladigan mintaqa hisoblanadi.
Eslatib oʻtamiz, 28-fevral kuni Isroil Eron hududidagi harbiy obyektlarga zarba berdi. Oradan koʻp oʻtmay Donald Tramp ham AQSh Eronga qarshi keng koʻlamli operatsiyada ishtirok etayotganini ma’lum qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroildagi oʻzbekistonliklar ogohlantirilgani haqida xabar bergan edi.