Isroil Eronga havodan zarbalar bermoqda — nimalar ma’lum

Isroil mudofaa vaziri Isroil Kats mamlakat Eronga qarshi profilaktik hujum uyushtirganini eʼlon qildi.
Vazirning soʻzlariga koʻra, zarba Isroilga nisbatan ehtimoliy raketa va dron hujumlarining oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda favqulodda holat joriy etilgan. Isroil mudofaa kuchlari aholiga boshpanalar yaqinida qolish boʻyicha ogohlantirish bergan. Taʼlim muassasalari, ommaviy tadbirlar va aksariyat ofis ishlari vaqtincha toʻxtatilgan.
Eronning Fars axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, Tehron markazida uchta portlash ovozi eshitilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, shaharning Universitet koʻchasi va Jumhuriyat hududi tomonlarida bir nechta raketa urilishi qayd etilgan. Hozircha rasmiy tasdiq va talafotlar haqida aniq maʼlumot berilgani yo‘q.
Avvalroq AQSh va Yevropa davlatlari oʻz fuqarolarini Eronga safar qilmaslikka chaqirgan edi.
AQShdagi rasmiy manbalarning ma’lum qilishicha, mamlakat qurolli kuchlari Eronga ham zarbalar bermoqda, deb yozadi The New York Times.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Eronga zarbalar Vashington bilan kelishilgan holda bir necha oy davomida ishlab chiqilgan va operatsiyaning boshlanish sanasi bir necha hafta oldin belgilangan.
Mignews’ning xabar berishicha, Ali Xomanaiy Tehron shahridan xavfsiz hududga ko‘chirildi. Shuningdek, Isroil ham Eron ham o‘z havo hududini yopdi.