Sport

“Manchester Siti” 40–60 ochkodan mahrum qilinishi mumkin

Foto: «Manchester Siti»

Angliya Premyer-ligasidagi moliyaviy qoidalar buzilishi boʻyicha ish davom etmoqda. Ekspert Kiran Maguayrning bildirishicha, agar «Manchester Siti» aybdor deb topilsa, klubga juda jiddiy sanksiyalar qoʻllanilishi mumkin.

Uning fikricha, jazo ochkolarni kamaytirish shaklida boʻlishi ehtimol bor. Maguayr hisoblashicha, bu 40–60 ochko atrofida boʻlishi mumkin. U bunga «Everton» va «Nottinghem Forest» klublariga bir nechta qoidabuzarlik uchun ochko olib tashlanganini misol qildi. «Manchester Siti»ga qoʻyilgan ayblovlar esa 2009–2018-yillarni qamrab olgan va hajman ancha keng.

Premyer-liga klubni mustaqil ravishda past divizionga tushira olmaydi. Bunday qaror EFL vakolatiga kiradi. Hozircha faqat ochkolarni kamaytirish ehtimoli muhokama qilinmoqda.

Shu bilan birga, agar klub 115 ta moliyaviy qoidabuzarlik boʻyicha aybdor deb topilsa, 2009–2018-yillar oraligʻida qoʻlga kiritilgan ayrim chempionlik unvonlari qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Bunday ssenariyda «Liverpul» va «Manchester Yunayted» ayrim mavsumlarda chempion deb eʼlon qilinishi ehtimoli haqida ham taxminlar aytilmoqda.

Klub hozircha ayblovlarni rad etib kelmoqda. Ish boʻyicha yakuniy qaror hali chiqarilmagan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning Jahon chempionatidagi raqibi oʻzgarishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.