Oʻzbekiston Afgʻoniston-Pokiston chegarasidagi keskinlik yuzasidan bayonot berdi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi chegara hududida yuzaga kelgan keskin vaziyat boʻyicha rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlik mintaqadagi harbiy harakatlar chuqur xavotir uygʻotayotganini qayd etdi. Toshkent tomonlarni zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishga, vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin boʻlgan qadamlardan tiyilishga chaqirdi. Bayonotda barcha ziddiyatlar siyosiy va diplomatik vositalar orqali hal etilishi zarurligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligi prinsiplariga sodiqligini bildirdi.
Soʻnggi kunlarda ikki davlat oʻrtasidagi keskinlik kuchaydi. 26-fevral kuni Afgʻonistondagi amaldagi hukumat Pokiston bilan chegarada harbiy harakatlar boshlanganini maʼlum qilgan. Islomobod esa bunga javoban qarshi choralar koʻrilganini bildirgan.
27-fevralga oʻtar kechasi Pokiston tomonidan Afgʻoniston hududida aviazarbalar berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bayonotlarga koʻra, tomonlar oʻz pozitsiyalarini qatʼiy himoya qilayotganini bildirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pokistonda hujum oqibatida 11 nafar harbiy halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.