
Toshkentda oʻtayotgan dzyudo boʻyicha nufuzli «Katta dubulgʻa» turniri Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
Mamlakat terma jamoasi musobaqaning dastlabki kunidayoq ikkita medalni qoʻlga kiritdi. Ayollar oʻrtasida -57 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Shukurjon Aminova final bahsida yaponiyalik Mio Shirakaneni magʻlub etib, oltin medalga sazovor boʻldi. Ushbu gʻalaba sportchining mazkur toifadagi «Katta dubulgʻa» turnirlaridagi ilk medali boʻldi.

Shuningdek, erkaklar oʻrtasida -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Doston Roʻziyev bronza medali uchun kechgan bellashuvda gruziyalik Luka Gadeliyani taslim etdi va sovrindorlar safidan joy oldi.
Musobaqaning birinchi kungi bahslaridan keyin Oʻzbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 1 ta bronza medali bilan umum jamoa hisobida 3-oʻrinni egallab turibdi. Yaponiya terma jamoasi 2 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan peshqadamlik qilayotgan boʻlsa, 1 ta oltin va 1 ta kumush medaliga ega Ozarbayjon ikkinchi pogʻonani band etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Diyora Keldiyorova ochgan dzyudo maktabi xalqaro mukofotga sazovor boʻlgani haqida yozgan edi.