
Toshkentda yo‘l harakatini yaxshilash uchun «Dolzarb 90 kunlik» boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari tomonidan poytaxtdagi eng tirband 472 kilometr avtomobil yo‘llari aniqlangan. Ishlar, birinchi navbatda, aynan shu uchastkalarda olib boriladi.
Dastur doirasida yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha loyiha yechimlari ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy qilinadi. Jamoat transportiga ustuvorlik berish hamda tegishli infratuzilmani shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ko‘cha-yo‘l tarmog‘i bo‘ylab reklama konstruksiyalarini joylashtirish tartibga solinadi. Yo‘l bo‘yidagi savdo shoxobchalari faoliyati optimallashtiriladi. Svetofor obyektlari va yo‘l belgilarini o‘rnatish, yangilash va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, tasdiqlangan sxemalar asosida yo‘l chiziqlari takomillashtiriladi, bekat majmualari yangilanadi. Ko‘cha tarmoqlarida chuqurcha va karta usulida ta’mirlash ishlari olib boriladi. Avtoturargoh maydonlarini rivojlantirish va tartibga solish ham rejalashtirilgan.
Hokimlik va markaz mutaxassislari ushbu chora-tadbirlar poytaxt yo‘l-transport tizimidagi vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qilishini bildirgan. Ishlarning borishi va natijalari haqida har kuni rasmiy kanallar orqali axborot berib borilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 1-martdan jarima xatlari pochta orqali yuborilmasligi haqida xabar bergan edi.