Yangiliklar

Tramp AQShning Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiyasini tasdiqladi

Prezident bu haqda videomurojaat bilan chiqdi
Foto: Reuters

Donald Tramp AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshlaganini tasdiqladi. Prezident bu haqda videomurojaat bilan chiqdi.

Trampning aytishicha, biroz oldin AQSh harbiylari Eronda yirik jangovar amaliyotlarni boshladi. Unga ko‘ra, operatsiya Eronning raketa salohiyati, raketa sanoati, harbiy-dengiz kuchlari hamda yadroviy dasturiga qaratilgan.

AQSh prezidenti Qo‘shma Shtatlar Eronning barcha raketalarini va tegishli infratuzilmasini yo‘q qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, Eron bilan bog‘liq proksi guruhlar ham zarba ostiga olinganini ta’kidladi.

«Men Eron politsiyasi va xavfsizlik kuchlariga murojaat qilaman. Zudlik bilan qurolingizni tashlang, aks holda muqarrar o‘limga yuz tutasiz. Eron xalqi uchun ozodlik soati yaqinlashmoqda. O‘z uylaringizda qoling va tashqariga chiqmang, ko‘cha xavfli. Biz ishni tugatganimizdan keyin siz o‘z hukumatingizni boshqarasiz. Bu rejimni ag‘darish uchun yagona imkoningiz bo‘ladi», – dedi u.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/02/l79eh2jeac0amwp1.mp4
Video: X

Tramp Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligini yana bir bor qayd etdi. U videomurojaatida eronliklarga ham murojaat qilib, amaldagi hukumatni ag‘darishga chaqirdi.

«Biz ishimizni tugatganimizdan so‘ng hukumatni qo‘lga oling — u sizniki bo‘ladi. Bu ehtimol, kelgusi bir necha avlod uchun yagona imkoniyatingizdir», – dedi AQSh rahbari.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan elchixona Isroildagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqqani haqida xabar bergan edi.