Yangiliklar

1-martdan tabiiy gaz narxlari oshirildimi — vazirlik izoh berdi

Vazirlik izohiga ko‘ra, to‘lovlar avvalgi narxlar asosida amalga oshiriladi
Ohangaronda 1,6 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilindi
Foto: Fo-energie

Ijtimoiy tarmoqlarda 1-martdan boshlab tabiiy gaz narxi oshirilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Biroq Energetika vazirligi bu ma’lumotlarni rad etib, amaldagi tariflar o‘zgarishsiz qolayotganini ma’lum qildi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, to‘lovlar avvalgi narxlar asosida amalga oshiriladi. O‘zgarish esa faqat isitish mavsumida amal qilgan ijtimoiy me’yorning yakunlanishi bilan bog‘liq.

Bazaviy me’yor qanday o‘zgaradi

Qish mavsumida tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yor vaqtincha 100 kub metrdan 500 kub metrgacha oshirilgan edi. Noyabr–fevral oylarida har bir oy uchun 500 kub metrgacha imtiyozli me’yor amal qilgan.

2026-yil 1-martdan 31-oktabrga qadar esa yana odatdagi tartib joriy etiladi — ya’ni har oy uchun 100 kub metrgacha bazaviy me’yor qo‘llanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa qishki tartib oktabr–fevral oylarida amal qiladi.

Ehtiyojmand oilalar uchun kompensatsiya

Prezident qarorlariga muvofiq, kam ta’minlangan oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlari uchun davlat tomonidan kompensatsiya to‘lab beriladi.

  • Elektr energiyasi uchun — oyiga 200 kVt/soatdan ortiq, lekin 150 kVt/soatgacha bo‘lgan qism uchun;
  • Tabiiy gaz uchun — qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarida 150 kub metrgacha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilingan hajm uchun kompensatsiya ajratiladi.

Avval kompensatsiyalar faqat qish mavsumida berilgan bo‘lsa, endilikda ular yil davomida har oy to‘lab boriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda 402 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlangani haqida yozgandi.