«Halok bo‘lgan xodim o‘rnida bizning otalarimiz ham bo‘lishi mumkin edi» — Asadbek Jumayev YPX xodimi halokati yuzasidan uzr so‘radi

Toshkent shahrida yuz bergan va YPX inspektori halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi ortidan BMW M4 avtomobilini tyuning qilgan atelye rahbari Asadbek Jumayev jamoatchilikka murojaat qildi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
U departamentga bergan intervyusida voyaga yetmagan shaxsning hujjatsiz avtomobil boshqarayotganini bilgani holda bunga befarq bo‘lganini tan oldi. Jumayevning aytishicha, avtomobilni yuqori tezlikka moslab bergani bilan ham u mazkur fojiaga bilvosita aloqador.
«Oldin ijtimoiy tarmoqlarda yozgan gaplarim bilan yoshlarni noto‘g‘ri ruhlantirganimni endi tushunyapman. Bu yerda o‘tirgan har bir kunim men uchun og‘ir saboq bo‘ldi», – deydi u.
Shuningdek, u ilgari aytgan «jarima to‘lasa bo‘ladi» kabi fikrlari qonunga zid ekanini kech anglaganini bildirib, yoshlarga murojaat qildi:
«Agar hujjatingiz bo‘lmasa yoki voyaga yetmagan bo‘lsangiz, rulga o‘tirmang. Halok bo‘lgan xodim o‘rnida bizning otalarimiz ham bo‘lishi mumkin edi».
Jumayev marhum YPX inspektorining oila a’zolaridan hamda keng jamoatchilikdan uzr so‘rab, bunday holatlar boshqa takrorlanmasligiga va’da berdi.
Hodisa tafsilotlari
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010-yilda tug‘ilgan, 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs 25-fevral kuni soat 21:30 atrofida tanishining opasiga tegishli avtoyuvish shoxobchasida kaliti bilan qoldirilgan BMW avtomobilini olib chiqib ketgan.
U Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotgan paytda transport oqimini tartibga solayotgan YPX inspektori Hosilbek Eshnazarovning to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan va xodimni urib yuborgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, YPX inspektori 27-fevral kuni vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi hamda 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda u Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlangan.