
1-mart kuni Angliya Premyer-ligasining 28-turi doirasida markaziy bahslardan biri bo‘lib o‘tdi. Unda «Arsenal» o‘z maydonida azaliy raqibi «Chelsi»ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuv kutilganidek keskin kurashlarga va kutilmagan burilishlarga boy bo‘ldi. O‘yinning 21-daqiqasida «Arsenal» himoyachisi Vilyam Saliba Gabrielning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi. Biroq, birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida «Arsenal» himoyachisi Pyero Inkape o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘yishi natijasida muvozanat tiklandi.
Ikkinchi bo‘limda maydon egalarining yana bir himoyachisi Yurrien Timber qahramonga aylandi. 66-daqiqada u Deklan Raysning pasini golga aylantirib, «kanonirlar»ni yana oldinga olib chiqdi.
O‘yinning ikkinchi qismi keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Xususan, «Chelsi» futbolchisi Pedru Netu 67 va 70-daqiqalarda ikkita sariq kartochka olib, maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, «Chelsi»dan Koul Palmer, Yorrel Xato va Enso Fernandes, «Arsenal»dan esa Gabriel sariq kartochka bilan jazolandi.
Ushbu g‘alaba orqali «Arsenal» turnir jadvalida 64 ochko bilan va asosiy raqobatchisi «Manchester Siti»dan 5 ochkoga o‘zib ketdi. Ta’kidlash joizki, «shaharliklar» hisobida bitta zaxira o‘yini mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» Shimoliy London derbisida «Tottenhem»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.