
2 – 6-mart kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining keskin o‘zgarishi sabab respublikaning qator tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Mutaxassislar quyidagi hududlarda xavf darajasi oshishini ma’lum qilmoqda:
- Qashqadaryo viloyati — Dehqonobod, Kitob, Qamashi, Shahrisabz tumanlari.
- Surxondaryo viloyati — Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo, Uzun tumanlari.
- Samarqand viloyati — Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand, Urgut tumanlari.
- Jizzax viloyati — Baxmal, Zomin tumanlari.
- Toshkent viloyati — Bo‘stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari, xususan, Chotqol tizmasi tog‘lari.
- Namangan viloyati — Pop tumani.
Favqulodda xizmatlar tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, sayyohlar hamda ushbu yo‘nalishlarda harakatlanuvchi haydovchilardan maksimal ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.
Xususan, zarurat bo‘lmasa, baland tog‘li hududlarga chiqmaslik, ob-havo prognozlarini muntazam kuzatib borish, avtomobillarni texnik jihatdan tayyor holatda saqlash, qor ko‘chishi ehtimoli mavjud joylarda to‘xtab turmaslik tavsiya etiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri bahorning ilk kunida O‘zbekistonning qaysi hududlarida qor yog‘ishi haqida yozgandi.