
Skoda o‘z flagmani — Superb modeliga yanada kuchliroq versiyani qo‘shdi. Kompaniya yangilangan plug-in gibrid (PHEV) modifikatsiyasini taqdim etdi. Bu haqda Carcoops nashri xabar berdi.
Endilikda quvvat qurilmasining umumiy quvvati 272 ot kuchini tashkil etadi va bu uni hozirgi avloddagi ichki yonuv dvigatelli eng kuchli Superb modeliga aylantiradi.
Biroq muhim jihat bor: yangi agregat faqat liftbek kuzovida va yuqori darajadagi Sportline hamda Laurin & Klement komplektatsiyalarida taklif etiladi.
Texnik xususiyatlari
Yangi gibrid tizim quyidagilardan iborat:
- 1,5 litrli turbo benzin dvigateli — 174 ot kuchi
- Elektromotor — 114 ot kuchi
- Tortish batareyasi — 25,7 kVt·soat
- 7 pog‘onali DSG robot uzatmalar qutisi
- Faqat old g‘ildirakdan tortish (FWD)
0 dan 100 km/soat tezlikka chiqish vaqti — 7,1 soniya, bu standart gibriddan bir soniyaga tezroq. Maksimal tezlik — 225 km/soat.

Quvvat oshgani sababli orqa tormoz disklari kattalashtirilgan — endi 300 mm o‘rniga 310 mm ventilyatsiyali disklar o‘rnatilgan.
Sportline va Laurin & Klement farqi
Sportline versiyasi sport uslubiga urg‘u beradi:
- 15 mm pastaytirilgan osma
- Kuzov bo‘ylab qora dekor elementlar
- 19 dyuymli aerodinamik disklar
Laurin & Klement (L&K) esa hashamat va qulaylikka yo‘naltirilgan:
- Moslashuvchan DCC adaptiv osma
- Xrom bezaklar
- Charm salon
- Canton premium audiotizimi
Eng kuchli, lekin eng tez emas
Yangi PHEV versiya quvvati bo‘yicha yetakchi bo‘lsa-da, tezlik borasida rekordchi emas. Batareya og‘irligi va to‘liq uzatma (4×4) yo‘qligi sababli u sof benzinli Skoda Superb 2.0 TSI 4×4 (261 ot kuchi) modelidan ortda qoladi — u 100 km/soatga atigi 5,6 soniyada erishadi.

Shuningdek, avvalgi avloddagi 280 ot kuchiga ega benzinli Superb ham dinamikasi jihatidan kuchliroq edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MG yangi gibrid avtomobilini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.