
Xiaomi prezidenti Lu Weibing Xiaomi 17 Ultra Leica Edition smartfonining yangi qora va kumush rangdagi talqinini namoyish qildi. Bu haqda Weibo platformasida xabar berdi.
Yangi dizayn Leica mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, klassik Leica M seriyasidagi retro-fotoapparatlardan ilhomlangan. Qurilmaning mat qora orqa paneli yorqin kumush ramka bilan uyg‘unlashgan.
Modelda Leica brendining 100 yilligiga bag‘ishlangan qizil logotip alohida urg‘u sifatida qo‘llangan. Smartfon, avvalo, mobil fotografiya ishqibozlari hamda Leica muxlislari uchun mo‘ljallangan premium foto-flagman sifatida taqdim etilmoqda.
Xiaomi 17 Ultra Leica Edition global bozorda Leica Leitzphone powered by Xiaomi nomi bilan ham tanilgan. Qurilma kamera blokini o‘rab turgan aylanuvchi mexanik halqa bilan ajralib turadi – u zum va ekspozitsiyani boshqarish imkonini beradi.
Yangi rangdagi versiya yaqin kunlarda sotuvga chiqariladi. Kompaniya aniq sana va qo‘shimcha tafsilotlarni tez orada e’lon qilishini bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Ultra Leica Edition global bozorga yangi nom bilan chiqishi haqida yozgandi.