
Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi hamda havo makonidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli qator aviaqatnovlar bekor qilinmoqda. Bu haqda Musulmonlar idorasi xabar berdi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan fuqarolarga mazkur hududdagi davlatlarga safar uyushtirmaslik tavsiya etildi. Ayni paytda o‘sha yerda bo‘lib turgan vatandoshlarimizga ehtiyot choralarini kuchaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berilgan.
Vaziyatni inobatga olgan holda, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda tur operatorlar tomonidan tashkil etilayotgan umra safarlari vaqtincha kechiktiriladi.
Jumladan, 2026-yil 2-mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan rejalashtirilgan Toshkent – Jidda yo‘nalishidagi navbatdagi umra ziyoratchilari reysi ham ma’lum muddatga qoldirildi.
Aviaqatnovlar qayta tiklanishi haqida rasmiy manbalar orqali qo‘shimcha axborot beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAirways tomonidan muqobil parvoz yo‘nalishlari ishlab chiqilgani haqida yozgandi.