Yangiliklar

2026-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,1 foizga oshiriladi

Prezident qarori
Qoraqalpog‘iston
Foto: Zafarbek Erkaboyev / Kursiv Uzbekistan

2026-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,1 foizga oshiriladi. Prezident qarori bilan Qoraqalpog‘istonni 2026-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda kelgusi yillarga mo‘ljallangan dasturlari tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar yalpi hududiy mahsulot hajmini 8,1 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8 foizga oshirish rejalashtirilgan. Ishsizlik darajasi 4,2 foizgacha, kambag‘allik 3,2 foizgacha tushiriladi. Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.

2030-yilgacha yalpi hududiy mahsulotni 102,4 trln so‘mga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini 28,9 trln so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Sanoat va xizmatlar sohasida $7,2 mlrd ekvivalentidagi loyihalar amalga oshiriladi. Eksport hajmi $900 mlnga yetkaziladi.

Qaror bilan Vazirlar Kengashi raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatildi. Buning o‘rniga yaylovlardan samarali foydalanish, ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi lavozim joriy etildi.

Urbanizatsiya jarayonlari jadallashtiriladi

Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘l tumanlarida chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.

2026 – 2028-yillarda 10 ming gektar maydonda chorva ozuqasi yetishtirish choralari ko‘riladi. Nukus shahrida tirbandlikni kamaytirish uchun Nukus va Taxiatoshni bog‘lovchi 2,2 km yo‘l, bitta ko‘prik va Nukus — Chimboy — Taxtako‘pir yo‘lining 4 km qismida yangi yo‘l o‘tkazgich quriladi.

Amudaryo tumanida 6 ta mahallaga 107,1 km ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. 110,5 km avtomobil yo‘li, bitta nasos stansiyasi va mavjud oqova suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilinadi. Shumanay tumanida esa 31 km avtomobil yo‘li yangilanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-apreldan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi «Qaratau» va «Bestobe» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ota-onalar to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan savdo komplekslari va mehmonxona xizmatlari bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar uchun ham soliq imtiyozlari beriladi.